O‘quvchi-qizlar uchun innovatsion sammit

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan ilk marotaba o‘quvchi-qizlar uchun respublika innovatsion sammiti tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan I Respublika o‘quvchi-qizlar sammiti tashkil qilindi.

I Respublika o‘quvchi-qizlar sammiti 2018-yil 24-26-mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilib, unda Respublikamizning barcha hududlaridan tashabbuskor, faol 230 nafar (har bir tuman (shahar)dan bittadan) o‘quvchi-qizlar ishtirok etishmoqda.Sammit o‘z ichiga 6 ta yo‘nalishni qamrab olgan:

1. Axborot texnologiyalari;
2. Media va jurnalistika;
3. Innovatsion menejment;
4. Iqtisod va biznes;
5. San’at va ijod (xonandalik, raqs, dizayn);
6. Ta’limga oid ijtimoiy loyihalar.

Sammit dasturiga ko‘ra 2018-yil 24-26-mart kunlari Toshkent shahridagi A.Avloniy nomidagi markaziy malaka oshirish institutida o‘quvchi qizlarning ijodiy va intellektual salohiyatlarini oshirishga qaratilgan bir qator master-klass va seminar-treninglar tashkil etildi. Treninglar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizdagi eng taniqli va muvaffaqiyatga erishgan ayollari tomonidan olib borildi.

Sammit doirasida “Zamonaviy o‘zbek ayoli qanday bo‘lishi kerak”, “Tadbirkorlikni nimadan boshlash kerak?”, “Kichik hududlarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish” mavzularida davra suhbatlari, “Innovatsion texnologiyalardan foydalanib brend yaratish”, “Axborot texnologiyalari sohasi” va “Qizlarjon klubi faoliyatini hududlarda yo‘lga qo‘yish” kabi dolzarb mavzularda mahorat darslari o‘tkazildi.

I Respublika o‘quvchi-qizlar sammitida faol ishtirok etgan o‘quvchi-qizlarga o‘z hududlarida innovatsion loyihalarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatiladi.

Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati